Jo Bayden kutilmagan tashrif bilan Kiyevga bordi. Bundan ko’zlangan maqsad qanday?

AQSh Prezidenti Jozef Bayden 20-fevral kuni Ukraina poytaxti Kiyevga keldi. Avvalroq Amerika yetakchisi Polshaga tashrif buyurishni rejalashtirayotgani, uning Ukraina poytaxtiga kelishi ma’lum qilinmagani haqida xabar berilgan edi.

Baydenning tashrifini Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham rasman tasdiqladi. “Jo Bayden, Kiyevga xush kelibsiz! Sizning tashrifingiz barcha ukrainaliklarni qo‘llab-quvvatlashning juda muhim ifodasidir”, - deya yozgan Ukraina Prezidenti.

Ma’lum qilinishicha, Vladimir Zelenskiy va Jo Bayden o’rtasidagi uchrashuvda Bayden Ukrainaga 500 million dollarlik yangi harbiy yordam paketi berilishini ma’lum qilgan. U, xususan, HIMARS, o'q-dorilar, tankga qarshi tizimlar va radarlarni o'z ichiga oladi. Qayd etilishicha bu haqda 21-fevral kuni rasman e’lon qilinadi.

Shuningdek, uchrashuv davomida ular Kiyevni qo’llab-quvvatlashni kengaytirish masalasini muhokama qilishgan.

“Bugun Kiyevda men Prezident Zelenskiy va uning jamoasi bilan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimizni keng muhokama qilish uchun uchrashyapman. Ukraina xalqini havo bombardimonidan himoya qilish uchun muhim uskunalar, jumladan, artilleriya o‘q-dorilari, tankga qarshi tizimlar va havo kuzatuvi radarlari yuborilishini e’lon qilaman”, — deyilgan AQSh Prezidenti bayonotida.

Oq uyning xabariga ko'ra, Vashington shu haftaning oxirida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar haqida e'lon qiladi. Ular "elita" vakillariga va bir nechta kompaniyalarga qarshi bo'ladi.