Joriy yil 9 oyida sanoat 5,3 foizga oʼsdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʼilishi bo’lib o’tmoqda.
Dunyodagi murakkab vaziyat, transport-logistika va ishlab chiqarish zanjirlaridagi uzilishlar, energoresurslar bilan bogʼliq muammolar mamlakatimizga ham taʼsir qilayotgani taʼkidlandi.
Jahon moliya bozorlaridagi oʼzgarishlar taʼsirida chetdan jalb qilinadigan resurslar narxi oshayotgani qayd etildi.
Shu bois, Bosh vazir oʼrinbosarlari, vazirlar, tarmoq rahbarlari, hokimlar bu qiyin sharoitda imkoniyat izlashi, bor salohiyatni ishlatishi, taklif va tashabbus koʼrsatishi kerakligi, kelgusi yilga oʼziga aniq reja va masʼuliyat olishi shartligi koʼrsatib oʼtildi.
Joriy yil 9 oyida sanoat 5,3 foizga oʼsdi. Lekin 65 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish 1,6 trillion soʼmga kamaygan.
Vazirlar Mahkamasiga ishlab chiqarish qisqargan tarmoqlardagi korxonalarga aylanma mablagʼi, soligʼi, transportiga yordam berib, toʼla quvvatga chiqarish boʼyicha topshiriq berildi.






