JSST bolalarni o’limga sabab bo’luvchi dorilardan himoya qilishga chaqirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2022-yil oxirida avj olgan, yo‘talga qarshi siroplar bilan bog‘liq o‘limlardan so‘ng bolalarni zararlangan dorilardan himoya qilish uchun “zudlik bilan va kelishilgan holda” choralar ko‘rishga chaqirdi. Hisobotlariga asoslanib, JSST ushbu hodisalar bo‘yicha Gambiya, Indoneziya va O‘zbekistondagi holatlarga qaratilgan global tibbiy ogohlantirish e’lon qildi.

Bayonotda so‘nggi to‘rt oy ichida mamlakatlar tarkibida me’yoriy miqdordan yuqori darajadagi dietilenglikol va etilenglikol borligi tasdiqlangan, retseptsiz berilgan siroplarning bir nechta aks ta’sirlari haqida xabar bergani keltirilgan. Bunday holat kamida yettita davlatda kuzatilgan bo‘lib, ularning uchtasida 300 dan ortiq o‘lim holatlari qayd etilgan. Achinarlisi, vafot etganlarning aksariyati besh yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Yuqorida nomi keltirilgan moddalar zaharli bo‘lib, ular hatto oz miqdorda qabul qilinganda ham halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin va ular umuman dori vositalarida ishlatilmasligi kerak.

JSSTning tibbiy mahsulot haqida ogohlantirishlari tashkilotga a’zo barcha 194 davlatning milliy sog‘liqni saqlash organlariga yuborilgan. Ushbu tibbiy mahsulot haqida ogohlantirishlarda zararlangan dori vositalarini muomaladan olib tashlash, agar ushbu sifatsiz mahsulotlar mamlakatda aniqlangan bo‘lsa, JSSTga toksik ta’sir to‘g‘risida xabar berish ko’zda tutilgan.