JSST dunyoda vabo tarqalishi xavfini «juda yuqori» baholadi

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti bayonotiga koʼra, 2022-yil dekabr oyi oʼrtalaridan boshlab Yer yuzida vabo bilan bogʼliq epidemiologik vaziyat yomonlashmoqda.
Xususan, shu yil fevral oyiga kelib 18 ta mamlakat hududida mazkur kasallik avj olgani xabar qilindi. Ularda epidemiyadan oʼlim koʼrsatkichi sezilarli darajada yuqori.
Tahlillarga koʼra, soʼnggi ikki asr davomida sayyoramizda yettita vabo pandemiyasi qayd etilgan. Ulardan yettinchisi 1961-yilda boshlangan boʼlib, hamon davom etmoqda.
Garchi pandemiya oʼtgan asrning 90-yillari oxirida sezilarli darajada kamaygan boʼlsa-da, Аfrika va Osiyo davlatlarida hanuz epidemiyaning yangi toʼlqinlari vujudga kelyapti. Bemorlar soni koʼpayishi va kasallik geografiyasi kengayishi, qolaversa, vaboga qarshi vaksinalar hamda boshqa resurslar taqchilligini hisobga olib, JSST kelgusi oylarda bu xastalikning yanada avj olishi xavfini juda yuqori, deb baholadi.
P.S. Vabo oʼtkir diareya infeksiyasi boʼlib, har yili oʼrtacha 2,9 million kishida aniqlanadi. Bemorlardan 95 ming nafari infeksiya asoratlari tufayli hayotdan koʼz yummoqda.






