JSST koronavirusning yangi toʼlqini boshlanishidan xavotir bildirdi

Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, “omikron” shtammining yangi XBB.1.5 subvarianti 29 mamlakatda roʼyxatga olindi. Qolaversa, u bir necha hafta ichida АQShda dominant versiyaga aylangan. Hozir yangi mutatsiya Yevropa mamlakatlarida ham keng tarqalmoqda.
“Biz oʼsish surʼatlaridan tashvishdamiz. Chunki hozirgacha maʼlum variantlar orasida XBB.1.5 ning yuquvchanligi yuqori. Xavotirli jihati, u dunyoda koronavirus pandemiyasining yangi toʼlqiniga sabab boʼlishi mumkin",— deya ta’kidlagan JSST eksperti Mariya Van Kerxove.
Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus ham 2022-yil oxirida aniqlangan mazkur mutatsiya haqida toʼxtalar ekan, u “omikron” BА.2 versiyasining rekombinanti ekanligini taʼkidladi.
“Dunyo boʼylab kasallanishning yangi toʼlqini kutilmoqda. Аmmo bu oʼlim koʼrsatkichlari oshishiga olib kelmasligiga ishonamiz. Chunki biz oʼtgan davrda mazkur virusga qarshi kurashish borasida yetarli tajriba toʼpladik”,— deya qayd etgan Tedros Gebreyesus.






