JSST: Maymun chechagi virusiga qayta nom beriladi

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti maymun chechagi virusi nomini oʼzgartirish boʼyicha keng jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi. Bunga olimlar va tibbiyot mutaxassislari tomonidan mazkur xastalik notoʼgʼri nomlanganiga doir takroriy eʼtirozlar sabab boʼldi.

Аslida, viruslarga nom berish JSST vakolatiga kiradi. Biroq bu gal fuqarolarga onlayn portal orqali oʼz takliflarini yetkazishi uchun imkoniyat yaratildi.

Maʼlumki, maymun chechagi atamasi 1958-yilda istilohga kiritilgan. Qolaversa, virusning asosiy variantlari ular keng tarqalgan geografik hududlarga qarab nomlangan.

Biroq zamonaviy amaliyotga koʼra, yangi aniqlangan viruslar, infeksiyalar mutatsiyalari va ular bilan bogʼliq kasalliklar atamalari madaniy, ijtimoiy, milliy, mintaqaviy, kasbiy yoki etnik jihatdan kamsituvchi mazmunga ega boʼlmasligi zarur.

Qolaversa, savdo-sotiq yoki yoʼlovchi tashish jamiyatlari faoliyati, turizm hamda hayvonot dunyosiga nisbatan munosabatlarga salbiy taʼsir koʼrsatmasligi kerak.

Shundan kelib chiqqan holda maymun chechagining Kongo havzasi versiyasi endi "I tur", Gʼarbiy Аfrika varianti esa "II tur" deb ataladigan boʼldi.

Virusning oʼziga esa keng jamoatchilik takliflari asosida qayta nom berilishi kutilmoqda.