JSST ortiqcha vazzni epidemiya deya e’lon qildi

Shu yilning 5-may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ortiqcha vaznni (semizlikni) Yevropa mintaqasida epidemiya deya e’lon qildi. Kasallik tufayli har yili 1,2 mln kishi hayotdan ko‘z yummoqda.

Qayd etilishicha, so‘nggi 30 yil ichida dunyoda ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan odamlar soni uch barobar oshgan. 2030-yilga borib yer yuzi aholisining qariyb 45 foizi ortiqcha vaznga duchor bo’lishi mumkin.

Tashkilot hisobotida keltirilishicha, ko‘hna qit’ada yashovchi katta yoshli aholining 60 foizi ortiqcha vazn va semirishdan aziyat chekmoqda.

Qolaversa, har uch boladan biriga (o‘g‘il bolalarning 29 foizi va qizlarning 27 foiziga) shu tashxis qo‘yilgan. Eng yomoni, mazkur kasallik tufayli har yili 1,2 million kishi hayotdan ko‘z yummoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko‘ra, hozirgi dinamikani hisobga olganda, Yevropadagi hech bir davlat 2025-yilgacha ortiqcha vaznga qarshi kurashda ijobiy natijaga erisha olmaydi.

Jismoniy faollikning pasayishi, noto‘g‘ri ovqatlanish, koronavirus cheklovlari tufayli yuzaga kelgan salbiy oqibatlar odamlar salomatligiga ziyon yetkazishda davom etadi.

Ana shularni inobatga olib, JSST muammoni samarali hal etishga qartilgan qator tavsiyalarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar uchun soliq joriy etilishi katta samara beradi. Salomatlik uchun foydali bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxini pasaytirish lozimligi qayd etildi. Shuningdek, aholining sport musobaqalari va sog‘lom turmush tarzini ta’minlashga qaratilgan boshqa tadbirlardagi ishtirokini kengaytirish joizligi ta’kidlandi.