JSST: Pandemiya davrida dunyo boʼyicha OIV, sil va bezgakdan oʼlim koʼrsatkichlari ortgan

Koronavirus pandemiyasi avj olgan davrda dunyoning aksariyat davlatlari asosiy eʼtiborni ushbu kasallikni jilovlashga qaratishi oqibatida boshqa yuqumli xastaliklar profilaktikasi va muolajasida qator oqsoqliklar yuzaga keldi.
Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesusning taʼkidlashicha, soʼnggi yillarda Yer yuzi boʼyicha OIV, bezgak va silga qarshi kurash borasida “ildam qadam”lar toʼxtagan yoki ortga ketgan.
Global jamgʼarma ijrochi direktori Piter Sends ham ushbu xulosalarni tasdiqlar ekan, pandemiya tufayli 2021-yilda OIV, sil va bezgak oqibatida hayotdan koʼz yumganlar soni sezilarli darajada oshganini qayd etdi.
Qolaversa, ushbu davrda jahonda OIVga tekshiruvlar soni 41 foizga, sil kasalligini aniqlash, davolash va oldini olishga qaratilgan murojaatlar koʼrsatkichi esa 56 foizga kamaygan. Bu holat koʼproq past va oʼrta daromadli mamlakatlarda kuzatilmoqda.
Shu bois, JSST yuqumli kasalliklarga qarshi immunizatsiya jarayonini kuchaytirish lozim, degan xulosani bergan.






