JST bilan ishlash boʻyicha muzokaralar guruhi rahbari Jenevaga bordi

7-9-dekabr kunlari investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari, Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash boʻyicha muzokaralar guruhi rahbari B.Abidov Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlishi doirasida JSTga aʼzo davlatlar bilan bir qator ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazish hamda UNCTAD/JST xalqaro savdo markazi (XSM) tomonidan tashkil etilgan Tashqi savdo strategiyalari forumida ishtirok etish maqsadida Jenevada tashrif bilan boʼlib turdi.

Tashrif davomida AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Singapur va boshqalar kabi 14 davlatning Tashkilotdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va ekspertlari bilan Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi yuzasidan navbatdagi muzokaralar olib borildi. Shuningdek, JST Bosh direktori oʻrinbosari J-M.Pogam va Tashkilot Kotibiyatining Qoʻshilish boʻlimi boshligʻi M.Oshikava bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining 6-yig‘ilishini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu jarayonni yanada jadallashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. JSTga aʼzo davlatlar bilan bozorlariga respublika tovar va xizmatlarining chiqishi boʻyicha alohida muzokaralar olib borildi.

Davlatlar vakillari va JST Kotibiyati ta’kidlashicha, O‘zbekiston Tashkilotga a’zo mamlakatlarga Ishchi guruhning 6-yig‘ilishini tashkil etish uchun barcha zarur yangi hujjatlarni, jumladan manfaatdor davlatlarning savollariga yozma javoblarni, milliy qonunchilikni JST qoidalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan choralar rejasi, sanitariya va fitosanitariya choralari, savdodagi texnik to'siqlar, bojxona qiymatini baholash, intellektual mulk, tovarlar importini litsenziyalash va boshqa masalalar bo‘yicha yangilangan hujjatlarni taqdim etgan.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini yanada jadallashtirish, jumladan Tashkilotning tadbirlar jadvaliga muvofiq 2023-yil boshida Ishchi guruhning 6-yig‘ilishini o‘tkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

8-9-dekabr kunlari investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari B. Abidov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Tashqi savdo strategiyalari forumida ishtirok etdi.

Tashqi savdo strategiyalari forumining vazifalari mamlakatlarda tashqi savdo strategiyalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq muammoli masalalarni o‘rganish, shuningdek, ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi sa’y-harakatlarni muhokama qilishdan iborat edi.