JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekistondagi biznesga qanday ta’sir qiladi?

Joriy yilning 27 oktabr kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida ishbilarmonlar va ilmiy doiralar bilan O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishiga bag‘ishlangan ikkita davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir bosh direktor muovini S. Chjan boshchiligidagi JST kotibiyati delegatsiyasining rasmiy tashrifi doirasida va Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi taraqqiyot dasturi ko‘magida bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida JSTga a’zo bo‘lish va uning xususiy sektorga ta’siri, mamlakatning turli tarmoqlari uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar va boshqaya mavzular muhokama qilindi. JST Bosh direktori o‘rinbosari S. Chjan ishtirokchilarni Xitoyning JSTga a’zo bo‘lish tajribasi va XXR xususiy sektoriga bo‘lgan salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirdi.

Davra suhbatlari yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar davlat va xususiy sektor vakillari o‘rtasidagi muloqotni faol davom ettirish, shuningdek, respublika ilmiy-tadqiqot muassasalarini JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga jalb etishni yanada kengaytirish tarafdori ekanligi to‘g‘risida fikrlari bilan bo‘lishishdi.