Jurnalistlar huquqlarini himoya qiluvchi mediatashkilot kerak

Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan “Yangi dunyo tartibi va medianing o‘rni” nomli xalqaro simpozium 14 ta davlatdan OAV vakillarini jamladi. Tadbirni o‘tkazish g‘oyasi Istanbulning Maltepe tumani meri Ali Kilichga tegishli
Turkiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Saxa Respublikasi (Yoqutiston), Shimoliy Makedoniya, Albaniya, Chernogoriya, Kosovo, shuningdek, Germaniya, Gretsiya, Estoniya va Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan kelgan jurnalistlar global inqirozlar, alternativ medianing roli va uning kelajagi haqida so‘z yuritishdi. Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati muxbiri ham mazkur simpoziumda ishtirok etdi.
Istanbulning Maltepe tumani meri Ali Kilich ochilish marosimidagi nutqida u simpozium ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirib, yangi dunyo tartibida raqamli OAVning rolini muhokama qilish muhimligini qayd etdi.
Turkiyaning Jumhuriyat Xalq partiyasi raisi o‘rinbosari, kasbi bo‘yicha jurnalist Ali O‘ztunch, yig‘ilganlar eʼtiborini baʼzi raqamlarga qaratdi va Turkiyaning matbuot erkinligi bo‘yicha “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti reytingida 180 ta davlat orasida 149 o‘rinni egallaganini sharmandalik deya qayd etdi.
Turli mamlakatlardan kelgan turfa madaniyatlarni namoyish etayotgan jurnalistlar bugungi kunda odamlar yangiliklarni anʼanaviy OAV orqali o‘qishdan allaqachon voz kechib, xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni afzal ko‘rishayotganini qayd etishdi. Anʼanaviy jurnalistikaning ham tashqi, ham ixtiyoriy ravishda ichki bosim ostida qolgani natijasida “moslashuvchan” tus olgani matbuotning auditoriya oldidagi obro‘si yo‘qolishining eng muhim sabablaridan biri sifatida taʼkidlandi.
Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati muxbiri Firuza G‘afurova “Global inqirozlar va medianing o‘rni” mavzusida maʼruza qildi. Insoniyat yaqindagina duch kelgan pandemiya global inqirozi haqida gapirar ekan, jurnalist O‘zbekiston hukumatining OAV bilan o‘z vaqtida o‘rnatgan hamkorligi haqida gapirdi.
Shuningdek, ishtirokchilar Sharq va G‘arb jurnalistlari matbuotning to‘g‘ri va xolis jurnalistika tamoyillari asosida ishlashi uchun jurnalistlar huquqlarini himoya qiluvchi mediatashkilot zarur degan fikrni baravariga qo‘llashdi.






