Kelajakdagi iqlimga nazar tashlamoqchi bo'lsangiz, javob okeanlarda

Yangi tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, 2022-yilda dunyo okeanlari ketma-ket to'rtinchi yil rekord darajadagi eng issiq haroratni qayd etdi. O‘tgan hafta “Advances in Atmospheric Sciences” jurnalida e’lon qilinishicha bu inson omili bilan bog’liq bo‘lgan iqlim o‘zgarishining dalili sanaladi.
Olimlarning fikriga ko’ra, suv haroratining ko’tarilishi dunyo havo oqimiga sezilarli ta’sir ko’rsatadi. Issiqroq okeanlar ko’proq ekstremal bo’ronlar, issiqlik to’lqinlari, qurg’oqchilik va kuchli yog’ingarchilik bilan bog’liq.
CNN muxbirining so'zlariga ko'ra, 1970-yildan buyon okeanlar issiqxona gazlari chiqindilaridan ortiqcha issiqlikning taxminan 90 foizini o'zlashtirgan. Okean harorati havo haroratiga qaraganda qisqa muddatli ob-havo o'zgarishlariga kamroq moyil bo'lib, okeanlarni iqlim o'zgarishi oqibatlarini yaxshi o'lchaydi.
"Agar siz yer shari qanchalik tez isib ketganini bilmoqchi bo'lsangiz va kelajakdagi iqlimga nazar tashlamoqchi bo'lsangiz, javob okeanlarda", - deya ta’kidlagan Sent-Tomas universitetining issiqlik fanlari bo'yicha mutaxassisi, tadqiqot hammuallifi Jon Abraham.
Shu bilan birga, yangi tadqiqotlar suvning zichligini aniqlaydigan va okean harakatiga ta’sir qiluvchi sho’rlanish ko’rsatkichini ham o’rganishdi. Unda olimlar sho’rlanish darajasi yuqori va past bo’lgan hududlarda o’rtacha sho’rlanish ko’rsatkichi bilan farq 2022-yilda rekord darajada yuqori ekanligini aniqladilar.
Shuningdek, qayd etilishicha, issiqroq okean suvning kengayishi, dengiz sathining ko'tarilishi va toshqinni anglatadi. 2020 va 2100-yillar oralig'ida AQSh qirg'oq chizig'i bo'ylab okean ikki futga ko'tarilishi ehtimoli ortib bormoqda. NASA yaqinda o'tkazgan tadqiqot shuni ko'rsatdiki, okean taxminan 25 yil ichida bir futgacha ko'tarilishi mumkin.
Tadqiqotlar natijasi yana shuni ko'rsatadiki, okean ham tabaqalanib, turli xil zichlikdagi qatlamlarni rivojlantirmoqda, bu kislorod va ozuqa moddalari kabi materiallarni suv orqali tashishni qiyinlashtiradi. Guardian xabariga ko'ra, ko'proq qatlamlanish okeanlarning atmosferadan kamroq issiqlikni yutishiga olib keladi va bu global isishni yanada kuchaytiradi.






