Kelgusi besh yildagi barcha islohotlar “Inson qadri uchun” tamoyili asosida bajariladi

02 Noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash, "Yangi O‘zbekiston" massivlarini barpo etish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston" massivlari kompleks rivojlanish tamoyili asosida barpo etilishini qayd etdi. Bunda:

• har bir massivga ajratiladigan yer uchastkalarida sanoat loyihalari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va ijtimoiy infratuzilma bir vaqtda quriladi;

• ko‘p qavatli uy-joy qurilishini investorlar o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi;

• ipoteka kreditini berish uchun banklarga budjetdan auksion asosida resurs ajratiladi. Bunga Moliya vazirligi tomonidan 20 yil muddatga 11 trillion so‘m yo‘naltiriladi;

• Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish va Moliya vazirliklari ehtiyojmand aholiga subsidiya beriladigan uy narxini belgilaydi;

• 2022 yilda ehtiyojmand 10 mingta oilaga boshlang‘ich badal va foizlarni subsidiyalash uchun budjetdan 1,5 trillion so‘m ajratiladi.