Kimdir bizga yoqmasa, uni tarixdan olib tashlamasligimiz kerak – Shavkat Mirziyoyev

Ayni damda Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvi boshlandi

Vatanimizda yangi ibora paydo boʼlgan – qilsa boʼlar ekan-ku! 5 yilda eng katta yutugʼimiz nima deb soʼrasangiz – emin-erkin yashashni oʼrgandik.

Koʼp yillik, asrlar davomida anglab yetilmagan buyuk ajdodlarimiz, tariximiz borligini sezdik, yoshlarimizga eʼtibor berdik. Jonajon poytaxtimiz, azim shahrimizni hammamiz yaxshi koʼramiz. Аlbatta, men Jizzax viloyatida tugʼilganman, lekin 18 yoshimdan buyon Toshkentdaman, yaʼni men barcha taʼlim-tarbiyani sizlardan olganman.

Ijaralarda yashaganman, qiyinchiliklarni koʼrganman. Men bejiz uy-joy masalasiga jiddiy qaramayman. Oʼzim bu muammolarni his qilganman. 18 yil propiska muammosi bilan yashaganman. Mana, muammo yechimini qilsa boʼlar ekan-ku!

Nima uchun Uchinchi renessansni shior qildik. 100 minglab ilmli odamlarimiz qatagʼon qilinmaganida edi, bugun biz Toʼrtinchi renessans haqida gapirayotgan boʼlardik. Chunki ular buyuk oʼzbek millatining farzandlari juda kuchliligini bilishgan. Bu - mening armonlarim! Oʼzlikni anglash boʼyicha koʼp ishlar qildik, lekin bu birinchi qadamlarimiz.

Tarixga toʼxtalsak, bir narsani unutmasligimiz lozim. Kimdir bizga yoqmasa, uni tarixdan olib tashlamasligimiz kerak. Buni men Mustaqillik monumenti barpo etayotganimizda aytgandim. Koʼp davlatlarda boʼldik, lekin hech bir mamlakatda bizdagi kabi madaniyat, ota-onalarga, ajdodlarga hurmat yoʼq.

Koʼp sohalarda yutuqlarimiz bor, lekin bundan ham koʼp ishlarni qilsak boʼladi. Baland marralar olyapmiz, lekin ularni zabt etish yoʼli bitta – taʼlim va yana taʼlim. Eng asosiy maqsadimiz - xalqni rozi qilish.