Kimyoviy texnologik ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari tashkil etiladi

“Kimyo va gaz-kimyo sanoatini strategik rivojlantirishning maqsadli dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko’ra, kimyoviy texnologik ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun “Navoiy kimyo texnoparki”, “Farg‘ona kimyo texnoparki” va “Qoraqalpog‘iston kimyo texnoparki” kabi texnologik klasterlar tashkil etiladi.
Shuningdek, 2023-yil 1-aprelga qadar Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda “Navoiyazot” AJda texnik kompleks o‘rganish ishlari o‘tkaziladi hamda 2023-yil 1-avgustga qadar birlamchi bozor holatini o‘rganish yakunlanadi.
2023-yil 1-sentabrga qadar “Navoiyazot” AJda o‘tkazilgan texnik kompleks o‘rganish va birlamchi bozor holatini o‘rganish natijalari asosida jamiyatni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Navoiy viloyati hokimligi tomonidan 2023-yil 30-iyunga qadar mazkur qaror bilan toifasi o‘zgartirilayotgan sug‘oriladigan yer uchastkalari maydoniga teng miqdorda yangi yerlar o‘zlashtirilishi taʼminlanadi.






