Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 2023-yilda 310,7 trln soʼmni tashkil etishi kutilmoqda

Senatning 36-yalpi majlisida “2023-yil uchun Oʼzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʼgʼrisida”gi Qonun koʼrib chiqildi. Mazkur Qonun bilan 2023-yil uchun Oʼzbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan budjetining jamlanma parametrlari hamda 2024–2025-yillar uchun budjet moʼljallari belgilangan.
Qonunga koʼra, 2023-yilda mamlakatimiz iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning oʼsish surʼatlari 5,3 foizni va isteʼmol narxlari indeksi 2022-yilning dekabr oyiga nisbatan 9,5 foiz miqdorida boʼlishidan kelib chiqib, Davlat budjeti parametrlari hisob-kitob qilingan.
Oʼzbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan budjetining daromadlari 2023-yilda 310,7 trln soʼmni hamda xarajatlar 343,2 trln soʼmni tashkil etishi kutilmoqda.
Qonun bilan 2023-yil uchun Oʼzbekiston Respublikasi (Oʼzbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va Oʼzbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish boʼyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd АQSh dollari miqdorida etib belgilanmoqda. 2023-yilgi Davlat yudjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamgʼarmalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga) 257,7 trln soʼmni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni tashkil qilmoqda.
Senatorlar Davlat budjetining ijtimoiy sohaga yoʼnaltirilayotgan mablagʼlar miqdoriga jiddiy eʼtibor qaratdilar. Qayd etilganidek, taʼlim sohasi xarajatlari 58,4 trln soʼm, sogʼliqni saqlash sohasiga 28,4 trln soʼm, madaniyat sohasiga 2,5 trln soʼm, sport sohasiga 2,3 trln soʼm va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 2023-yilda 1,8 trln soʼm yoʼnaltirish belgilangan. 2023-yil uchun Davlat budjetida aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yoʼnalishlarini moliyalashtirish uchun 18,1 trln soʼm ajratiladi.
Shu bilan birga kelgusi yilda jami 52 mingdan ortiq daromadi yuqori boʼlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti boʼyicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan 1,1 trln soʼm subsidiyalar toʼlab berilishi koʼzda tutilgan.






