Koreya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Shimoliy iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasi raisi bilan uchrashuv bo’lib o’tdi

2022-yil 1-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Koreya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Shimoliy iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasi raisi Pak Chon Su bilan uchrashdi.
Muloqotda siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston-Janubiy Koreya hamkorligining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Koreya Respublikasining “Yangi Shimoliy siyosat” dasturi Yevroosiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, u O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan mintaqaviy strategiya bilan hamohang ekanligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda strategik sheriklikni kengaytirish, jumladan, Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni tuzish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.






