Ko‘p asrlik do‘stlik va qo‘shnichilik: O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sherikligining rivoji

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdilar. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil kengayib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Ming yillar davomida o‘zbek va turkman xalqlari yonma-yon yashab, bir-biriga tayanch bo‘lib kelganlar”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiyot ikki tomonlama munosabatlarning yetakchi kuchi bo‘lib xizmat qilayotgani, mamlakatlarimizning ulkan salohiyatini ishga solish uchun ko‘proq harakat qilish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston-Turkmaniston Chegaraoldi savdo zonasi ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi. Bugun davlat rahbarlari ushbu zonaning qurilishini boshlab beradilar.

Shuningdek, tomonlar kooperatsiya loyihalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdilar. Sanoat, energetika, kimyo tarmog‘i va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor tarmoqlarda yangi loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish borasidagi ishlarni kuchaytirishga kelishib olindi. Transport sohasi - hamkorlikning strategik yo‘nalishlaridan biri. Davlat rahbarlari “Sharq - G‘arb” va “Shimol - Janub” yo‘nalishlarida, shu jumladan Turkmanboshi porti imkoniyatlaridan foydalangan holda transport yo‘laklarini faol rivojlantirishga ahdlashib oldilar.

Ustuvor yo‘nalishlar orasida – hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash. Prezidentlar fan, ta’lim, san’at, kino va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirish zarurligini qayd etdilar. Kelgusi yilda ikkala mamlakatda barcha viloyatlar ishtirokida Madaniyat va kino kunlari, yoshlar festivallari o‘tkaziladi.

Belgilangan maqsadlarga erishishda Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

“Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga, ikki mamlakatning ravnaqiga xizmat qilishiga ishonamiz”, - dedi muzokaralar yakunida O‘zbekiston yetakchisi.