KXDRning yadroviy tahdidi Yaponiya va Janubiy Koreyani yaqinlashtirmoqda

17-aprel, dushanba kuni Janubiy Koreya va Yaponiyaning yuqori martabali diplomatlari hamda mudofaa rasmiylari 2018-yilning mart oyidan beri ilk marta qo‘shma yig‘ilish oʻtkazdi.

Sessiya davomida tomonlar Koreya yarimoroli atrofidagi vaziyat hamda mudofaa va xavfsizlik siyosati, jumladan, Shimoliy Koreyaning yadroviy tahdidlariga qanday javob berish boʻyicha fikr almashdi. Shuningdek, Janubiy Koreya, AQSh va Yaponiya o‘rtasidagi xavfsizlik borasidagi hamkorlik jiddiy muhokama qilindi.

Bu uchrashuv Janubiy Koreya Prezidenti Yun Suk Yol va Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida o‘tgan oy Shimoliy Koreyaning kuchayib borayotgan provokatsiyalari ortidan, ikki mamlakat o'rtasidagi tarixiy kelishmovchiliklar tufayli buzilib ketgan aloqalarni tiklash va xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olganidan keyin bo‘lib o‘tdi.