"Lazgi muhabbat va qalb raqsi" baleti Rossiya shaharlarida namoyishi boshlanadi

Bosh vazir o‘rinbosari - Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov Rossiya madaniyat va gumanitar soha vakillari bilan uchrashdi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Xalqaro madaniy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili M.Shvidkoy hamda MDH davlatlararo gumanitar hamkorlik jamg‘armasi ijrochi direktori A.Iksanov bilan bo‘lib o'tgan uchrashuvda mehmonlar O‘zbekistonda madaniy sohani keng rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan tanishdilar.
Mixail Shvidkoy O‘zbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va o‘zgarishlar, shu jumladan, madaniy sohadagi yirik loyihalar tahsinga loyiqligini taʼkidlar ekan, «Toshkent nafaqat non shahri, balki mintaqaning madaniy poytaxtidir va aynan shu yerda madaniyat sohasining ko‘plab vakillari taʼlim olgan », - deya qayd etdi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra tomonlar, joriy yilning noyabr oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan IX Xalqaro madaniyat forumida O‘zbekiston vakillari ishtirokini, «Lazgi — muhabbat va qalb raqsi» baletining Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Perm va boshqa shaharlaridagi namoyishini tashkil etish, O‘zbekiston muzeylarida olib borilayotgan restavratsiya ishlari hamda ular faoliyatini rivojlantirish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.






