«Lotte City Hotel Tashkent Palace» mehmonxonasidagi davlat ulushini sotib olish uchun arizalar qabul qilinadi

Arizalar joriy yil 8-avgust kuni soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi. Ariza berish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq. Shuningdek, barcha ariza beruvchilar savdo jarayonining potensial ishtirokchilari reyestriga kiritiladi.
Joriy yilning 12-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq (keyingi o‘rinlarda – Davaktiv agentligi yoki Sotuvchi) “Lotte City Hotel Tashkent Palace” mehmonxonasini (keyingi o‘rinlarda – Mehmonxona yoki Aktiv) raqobat tamoyillariga asoslangan sotuv jarayoni orqali xususiylashtirish (keyingi o‘rinlarda – Bitim) boshlanganligini e'lon qilgan. Ushbu jarayon doirasida Xususiylashtirish bo'yicha maslahatchi “KPMG Valuation and Consulting” MChJ (keyingi o‘rinlarda – KPMG) tomonidan, aktivga dastlabki qiziqishni aniqlash maqsadida potensial investorlar bilan aloqalarni o'rnatish bo'yicha ishlar amalga oshirildi (Market Sounding).
Mazkur e'lon bilan Davaktiv agentligi barcha potensial ishtirokchilarni (keyingi o'rinlarda - Talabgor) Bitimda ishtirok etish uchun qiziqish bildirish bo'yicha ariza (Express of interest) topshirishga taklif qiladi.
Tomonlar o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida (arizachining ixtiyoriga ko'ra) tayyorlangan xat shaklidagi, arizachining vakolatli vakili tomonidan imzolangan arizalarini (keyingi o‘rinlarda – Ariza) quyidagi elektron manzilga yuborishlari lozim: nshuxratov@kpmg.co.uz
Sotuvchi va Maslahatchi Talabgordan tegishli ma'lumotlarni, jumladan ta'sis hujjatlari, to‘lovga qobiliyatliligi, shuningdek, Bitimda ishtirok etishiga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan cheklovlar yo‘qligi to‘g‘risidagi guvohnomalarni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlarni so‘rash huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar bo‘yicha saralanadi:
davlat ulushini sotib olish uchun to‘lovga qobiliyatliligi;
xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini ta'qiqlashi mumkin bo‘lgan ma'muriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yo‘qligi;
O‘zbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga rioya etilishi.
Manba: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi






