Made in Uzbekistan xalqaro sanoat kooperatsiyasi yarmarkasi oʼtkazildi

Guliston shahrida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Sirdaryo viloyati hokimligi va Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Made in Uzbekistan" xalqaro sanoat kooperatsiyasi yarmarkasi oʼtkazildi.
Unda viloyat hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati hamda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar ishtirok etdi.
Yarmarkada jami 685 ta tarmoq va hududiy korxonalar qatnashib, tadbir ishtirokchilariga energetika, elektrotexnika, metallurgiya, yengil sanoat va farmatsevtika, shuningdek, qurilish materiallari sanoati uchun 2 mingdan ortiq turdagi ichki import oʼrnini bosuvchi mahsulotlarni taqdim qildi. Yarmarkada 196 nafar tadbirkorlik subʼekti birinchi marta ishtirok etdi va oʼzlarining 1236 turdagi mahsulotni taqdim etdi.
Oʼtkazilgan yarmarka ishtirokchilar eʼtiborini nafaqat turli tarmoqlar va hududlarining mahalliy korxonalar oʼrtasida kooperatsiya va savdo aloqalarini oʼrnatishga, balki import oʼrnini bosuvchi yangi korxonalarni yaratishga qaratilgan investitsiyaviy hamkorlik istiqbollariga qaratadigan yangi shaklda oʼtkazilganligi uning oʼziga xos xususiyatiga aylandi.
Tadbirda ishtirok etgan rasmiylar turli sohalar, hududlar va yirik sanoat korxonalarining koʼrgazma stendlarida boʼlib, mahalliy tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Tadbirkorlar, oʼz navbatida, oʼz faoliyati va uni yaqin kelajakda kengaytirish rejalari haqida soʼzlab berishdi.
Koʼrgazmada ikki kun davomida oʼz ishini davom ettirdi. “MADE IN UZBEKISTAN” brendi ostida milliy sanoat mahsulotlarining koʼrgazmasida faol ishtirok etganligi uchun respublikamiz hududlari turli nominatsiyalar va esdalik sovgʼalari bilan taqdirlanishdi.






