Maktab taʼlimidagi yangi tizimlarni joriy qilish uchun 100 million dollar ajratiladi

Prezident maktab taʼlimini isloh qilish boʼyicha kelgusi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Eng avvalo, maktab oʼqituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash boʼyicha umummilliy loyiha boshlanadi.
Ushbu yangi tizim doirasida kelgusi 3-4 yilda maktablardagi barcha sinf oʼqituvchilari yangi metodika asosida oʼqitiladi. Buning uchun:
1-iyunga qadar har bir hududdagi Malaka oshirish markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga oʼrgatish milliy taʼlim markazlari tashkil etiladi;
ushbu markazlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya, IT kabi aniq va tabiiy fanlar boʼyicha xorijdan eng malakali mutaxassislar jalb qilinadi;
xorijiy mutaxassislar yordamida oliygoh, milliy taʼlim markazlari va mobil guruhlarning muallimlaridan iborat har bir viloyat kesimida “trenerlar guruhlari” shakllantiriladi;
mazkur trenerlar esa joylarda maktab oʼqituvchilarining bevosita malakasini oshirib boradi. Ularning oylik ish haqiga 100 foizgacha ustamalar toʼlanadi.
Umuman, yuqoridagi yangi tizimlarni joriy qilish uchun 100 million dollar qoʼshimcha mablagʼ yoʼnaltiriladi.






