Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi qor tozalaydigan odamlarni ishga olishga mablag'i yo‘qligini ma'lum qildi

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining matbuot xizmati vazirlikning qor tozalaydigan odamlarni ishga olishga mablag'i yo‘qligini va bog‘cha tarbiyachilari qor tozalashi majburiy mehnat emas, balki ular buni o‘z ixtiyori bilan bajarishlarini ma'lum qildi. Bu haqda bloger Nikita Makarenko xabar berdi.

Makarenkoning yozishicha, vazirlik matbuot xizmati, uning bog'cha tarbiyachilari qor tozalashi majburiy mehnat hisoblanishi haqidagi postiga javoban rasmiy izoh bergan.

«Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmati ushbu postga javoban rasmiy izoh eʼlon qilishimni soʻradi:

«Bog‘cha tarbiyachilari qor tozalashni majburiy mehnat deb hisoblamaymiz. Ular buni o‘z ixtiyori bilan qilishadi».

Matbuot xizmati, shuningdek, vazirlikning qor tozalaydigan odamlarni ishga olishga puli yo‘qligini aytdi.» - deyiladi xabarda.

Avvalroq, Saida Mirziyoyeva ustozlarning jamiyatdagi obro'sini ko'tarish lozimligi haqida nutq so'zlagan edi.

«Prezidentimiz aytganlaridek, barcha muammolarning yechimi - ta’limda. Uning ustuni esa o‘qituvchi, muallimdir!

Bugun shunday jamiyat qurishimiz kerak-ki, unda o‘qituvchining qadri ham, qaddi ham baland bo‘lishi zarur!

Butun jamiyat o‘qituvchini himoya qilib, uni majburiy mehnatga, turli qo‘shimcha ishlarga jalb qilishga qarshi tursagina, bunga erisha olamiz!» -deb qayd etgan edi Saida Mirziyoyeva.