Mamlakatimizda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘oliblari aniqlandi

Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan 3 ta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovlarida g‘olib investorlar aniqlandi.

Mazkur loyiha Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida “umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalar qurish loyihalarini ishlab chiqish va maslaxat xizmatlarini ko‘rsatish Dasturi” (IFC Scaling Solar program) doirasida amalga oshirilmoqda.

Loyiha bo‘yicha tenderning 1-bosqichi (RFQ) 2021-yil 31-avgustda o‘tkazilib, undan 11 ta xalqaro kompaniya muvaffaqiyatli o‘tdi. 2- bosqich (RFP) esa 2022-yil 11-noyabrda yakunlanib, 11 ta kompaniya orasidan 4 ta kompaniya belgilangan muddatgacha takliflarini taqdim etdi. Bular: Abu Dhabi Future Energy Company– Masdar (BAA) – 3 ta loyihaga, Alarko Holding AS (Turkiya) – o‘rta va kichik loyihaga, GD Power – Powerchina konsorsiumi (Xitoy) - 3 ta loyihaga, Voltalia SA (Fransiya) – kichik loyihaga.

Tanlov natijalariga ko‘ra:

BAAning Masdar kompaniyasi Buxoro viloyatida 250 MVt quvvatga ega loyiha bo'yicha g‘olib bo‘ldi.
GD Power-Powerchina konsorsiumi Namangan viloyatida 150 MVt quvvatga ega loyiha bo'yicha g‘olib deb topildi.
Voltalia SA kompaniyasi Xorazm viloyatida 100 MVt quvvatga ega loyiha bo'yicha g‘olib deb topildi.
G‘olib bo‘lgan investorlar quyosh fotoelektr stansiyalarini loyihalash, moliyalashtirish, qurish, foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

G‘oliblar bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi va davlat tomonidan qo‘llab- quvvatlash to‘g‘risidagi bitimlarni 2023-yilning 1-choragida imzolash va qurilish ishlarini 2023-yilning 4-choragida boshlash xamda 2024-yilning 4-choragida ushbu stansiyalarni ishga tushirish rejalashtirilgan va muhokamalar davom ettiriladi.