Mamlakatlar o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari-O'zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqovning Dushanbedagi tashrifi chog'ida Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri S. Muhriddin bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishning bugungi holati va istiqbollari ko'rib chiqildi.

Madaniy-gumanitar sohada faol hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, madaniyat, san’at, fan arboblari, shuningdek, ikki mamlakat yoshlarining O‘zbekiston va Tojikiston hududlariga o‘zaro safarlarini tashkil etishga kelishib olindi. Ikki davlatning Toshkent, Samarqand, Termiz, Dushanbe, Xo‘jand, Penjikent va boshqa yirik shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovini qayta tiklash istiqbollari muhokama qilindi. “Ipak yo‘li” sayyohlik brendini ilgari surish va “ziyorat – turizm”ni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.