Markaziy banklar oltin sotib olishni 55 yil ichida rekord darajada oshirdi

Bloombergning Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlariga tayanib yozishicha, Jahon markaziy banklari uchinchi chorakda 1967-yildan buyon rekord miqdorda (399 tonna) oltin sotib olgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb to‘rt baravar ko‘p.

Ta'kidlanishicha, bu yil oltin quymalari narxiga AQSh Federal zaxira tizimi stavkalarining keskin oshishi ta'sir o'tkazgan. Bu esa birja fondlari investorlarini oltinni daromad keltirmaydigan aktiv sifatida sotishga undagan. Biroq, qimmatbaho metalga bo'lgan talabni Osiyodagi chakana xaridorlar va butun dunyo bo'ylab markaziy banklar ushlab turdi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi xaridorlar orasida Turkiya va Qatar markaziy banklari bor. Ammo umumiy hajmning "muhim" ulushini tashkil etadigan muassasalardan qayd etilmagan xaridlar ham mavjud bo'lgan. Masalan, ayrim davlatlar, jumladan, Rossiya va Xitoy oltin xaridlari haqidagi ma’lumotlarni muntazam e’lon qilmaydi.

Yil boshidan buyon, oltin sotib olish hajmi qariyb 700 tonnani tashkil etgan bo'lsa, uning katta qismi yilning uchinchi choragiga to'g'ri keldi (399 tonna), ikkinchi chorakda esa kamroq (186 tonna) sotib olingan. Eng past ko'rsatkich birinchi chorakda qayd etilgan (88 tonna).