Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to'rtinchi sammiti

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to'rtinchi sammitida so'zga chiqib, o'z nutqi boshida Qirg'iziston Prezidentiga samimiy qabul va sammitning ajoyib tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, xalqimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovni birinchi marta maslahat uchrashuvida ishtirok etgani bilan qutladi.
"Bugun bir necha bor qayd etilganidek, ushbu formatda tashkil etilgan muloqot tufayli biz do'stlik va yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, mintaqada konstruktiv hamkorlik uchun mutlaqo yangi muhit yaratishga muvaffaq bo'ldik.
Biz Markaziy Osiyoning xavfsizligi va barqarorligini ta'minlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashning murakkab vazifalarini izchil hal etmoqdamiz.
Bu yo'lda ko'plab to'siqlar bartaraf etildi, fuqarolarimizning erkin harakatlanishi, faol madaniy va sayyohlik almashinuvi uchun sharoit yaratildi.
O'zaro savdo va investitsiyalarning o'sishiga yordam beradigan qulay muhit yaratildi.
So'nggi besh yil ichida mintaqalararo tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar ko'paydi.
Shuningdek, biz sanoat kooperatsiyasining qo'shma loyihalarini amalga oshirishga kirishdik, samarali qiymat zanjirlarini yaratdik, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirdik.
Eng muhimi, bu ijobiy o'zgarishlarni qardosh xalqlarimiz his etmoqda", dedi Shavkat Mirziyoyev.






