Vladimir Norov: Birgalikda Markaziy Osiyoning yangi kelajagini qurmoqdamiz

O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan "Yangi O'zbekiston - o'zgaruvchan va o'zaro bog'liq dunyoda ishonchli hamkor" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Vazirlik rahbariyati, Toshkent shahrida akkreditatsiyadan o'tgan xorijiy davlatlar diplomatik missiyalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, O’zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o'z nutqida Yangi O'zbekiston tashqi siyosatida erishilgan muvaffaqiyatlar yutuqlari haqidagi ma'lumotlarni taqdim etdi.
Davra suhbatida Ozarbayjon, Jazoir, Germaniya, Hindiston, O’mmon, Koreya Respublikasi, Ruminiya, Tojikiston, Yaponiya elchixonalari, shuningdek, BMT va YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonalari rahbarlari ma'ruza qildilar.
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov davra suhbati davomida mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishi bo'lgan Markaziy Osiyo haqida alohida to'xtalib o'tdi.
"O'zbekiston Respublikasi har bir davlat manfaatlarini hisobga olish va o’zaro hurmatga asoslangan konstruktiv muloqot va ko'p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish tarafdoridir", dedi V. Norov. Bunga O'zbekistonning Markaziy Osiyodagi hamkorligi misol bo'la oladi. So'nggi yillarda mamlakatimizning mintaqadagi barcha davlatlar bilan munosabatlari yuqori strategik darajaga ko'tarildi.
“Birgalikda jahon iqtisodiy aloqalariga jadal integratsiyalashgan, yagona, mustahkam, barqaror va obod mintaqa sifatida Markaziy Osiyoning yangi kelajagini qurmoqdamiz", - deya ta'kidladi O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri.






