Marsdagi suv manbai – kelajak bazasi taqdiri uchun muhim kashfiyot

“3DNews”ning xabar berishicha, “Curiosity marsoxodi” tomonidan Marsni tadqiq qilish bilan o‘tgan o‘n yil mobaynida to‘plangan arxiv ma’lumotlar tahlil qilinishi natijasida Marsda ommaviy opal konlari borligi ma’lum bo‘lgan. Taxminlarga ko’ra, unda 5,7 litrgacha suv bo‘lishi mumkin. Bu Marsdagi kelajak bazasi taqdiri uchun muhim kashfiyot.
Qayd etilishicha, Marsda opal konlari mavjudligi haqida 2008-yildayoq Mars Reconnaissance Orbiter orbital qurilmasi yordamida qo‘lga kiritilgan axborotdan ma’lum bo‘lgan. Zond Qizil sayyoraning ba’zi mintaqalarida katta oqish dog‘larni aniqlagan, ular gidratatsiya qilingan (suv molekulalari bilan birikkan) kremniy dioksidi (kremnezyom) cho‘kindilari deb taxmin qilingan.
Kremniy dioksidi gidratining o‘zi opal bo‘lib, kremnezyomga boy tog‘ jinslarining suv ta’sirida nurashi jarayonida hosil bo‘ladi. Eritma yoriqlarga va kavaklarga kirib, u yerda qotadi va millionlab yillar davomida qimmatbaho mineralga aylanadi.
Opaldagi suv kristall tuzilma bilan bog‘lanmaydi hamda mineralni maydalash va qizdirish chog‘ida qaytadan ajralib chiqishi mumkin. “Curiosity” ma’lumotlari tahlili ko‘rsatishicha, uzunligi 1 metr, chuqurligi 30 sm bo‘lgan konda 5,7 litrgacha suv bo‘lishi mumkin, bunday konlarga esa marsoxod olimlar kutganidan ko‘ra ancha ko‘proq duch kelgan. Bu Marsni o‘zlashtirish bo‘yicha rejalarni amalga oshirish uchun yaxshi yangilik, deya qayd etilgan xabarda.






