Mashhur Wargaming IT-kompaniyasi Oʻzbekistonda yaratilgan sharoitlar haqida videolavha tayyorladi

Dunyoga mashhur “Wargaming” xalqaro IT-kompaniyasi oʻz xodimlari uchun Oʻzbekistonda ishlash va yashash sharoitlari haqida videorolik tayyorladi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida maʼlum qildi.
“Oʻzbekistonga xush kelibsiz. Ishonchim komilki, video oʻz xodimlarining yangi joyda qulay harakatlanishi va yashashi haqida qaygʻuradigan xalqaro IT-kompaniyalari uchun foydali va qiziqarli boʻladi. Oʻzbekiston har doim mehmonlarni mamnuniyat bilan kutib oladi!”, — deya yozadi vazir.
Videorolik orqali Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari sohasining rivoji va IT-kompaniyalar hamda uning xodimlari uchun qilingan sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berilgan. Jumladan, mamlakatdagi IT sohasining yetakchi institutlari — IT Park, INHA universiteti, Astrum IT akademiyasi va boshqa kompaniyalarning vakillari soha rivoji haqida soʻz yuritgan.
“Hozir yangi Oʻzbekiston rivojlanmoqda. Biz koʻp yillar davomida agrar davlat sifatida mashhur edik. Endi esa yer emas, odamlar muhim. Axborot texnologiyalar esa inson kapitalidan foydalanayotganimizni koʻrsatishning yagona eng qisqa va samarali yoʻli hamda koʻp rivojlangan davlatlar ham aynan shunga eʼtibor qaratmoqda”, — deydi IT Parkning bosh ijrochi direktori Farhod Ibragimov.
Lavhaning davomida IT Park mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgani hamda uning oldiga Oʻzbekistonni global IT bozorining yetakchi “oʻyinchi”laridan biriga aylantirish vazifasi missiya sifatida qoʻyilgani eslab oʻtilgan.
Videoning soʻnggi qismi orqali xalqaro IT-kompaniyalarning xodimlari Toshkentda nafaqat ishlashi, balki yashashi, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi mumkinligi haqida maʼlumot berilgan. Shu oʻrinda, mamlakat poytaxtidagi madaniy hordiq maskanlari — “Magic City” kabi parklar hamda teatr va kinoteatrlar haqida batafsil soʻz yuritilgan.
Maʼlumot uchun, “Wargaming” kompyuter oʻyinlari ishlab chiquvchi xalqaro IT-kompaniyasi hisoblanadi. Ushbu kompaniya yaratgan mashhur oʻyinlar qatoriga “World of Warships” va “World of Tanks” kiradi. Qayd etish kerakki, “Wargaming” bir necha bor “Golden Joystick Awards” — eng yaxshi kompyuter va video oʻyinlar uchun beriladigan mukofot sohibi boʻlgan.






