Mask 2028-yilga qadar Twitterning yillik daromadini 26,4 milliard dollargacha oshirmoqchi

SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Mask yaqinda qoʼlga kiritgan Twitter boʼyicha oʼz rejalari bilan oʼrtoqlashdi. Bu haqda The New York Times milliarderning investorlar uchun taqdimotiga tayanib xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʼra, Mask 2028-yilga qadar Twitterning yillik daromadini 26,4 milliard dollargacha oshirishni rejalashtirgan. 2021-yilda kompaniyaning daromadi 5 milliard dollarni tashkil etdi.

Tadbirkor bu koʼrsatkichni besh barobardan koʼproqqa oshirmoqchi. Shuningdek, Mask Twitterning reklama daromadiga bogʼliqligini kamaytirish niyatida ekani xabar qilingan. Bundan tashqari, uning fikricha, 2028-yilga borib ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni 931 millionga yetadi.