Maskning insoniyat tarixidagi eng kuchli raketasi portlab ketdi

20-aprel kuni Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi o‘zining hozirgacha yaratilgan eng katta va eng kuchli raketasi “Starship”ni uzoq yillik mehnat va texnik sinovlardan soʻng ilk bor uchirdi, biroq parvoz o‘rtasida portlab ketdi va fazoga chiqa olmadi. Ammo, sinov loyihasi sifatida, erishilgan natija muvaffaqiyyat sifatida koʻrildi.
“Starship” koinotga yuk va odamlarni tashish uchun mo'ljallangan va NASAning astronavtlarni Oyga qaytarish rejasi uchun juda muhim loyiha hisoblanadi.
Bortida ekipaj a’zolari boʻlmagan raketa taxminan 4 daqiqa, koʻpi bilan 39 km parvoz qildi va qismlarga ajaralishdagi muammo tufayli portlab ketdi. Kompaniya o'z tvitter sahifasida bu haqida yozib qoldirgan.
SpaceXning ta'kidlashicha, kompaniya keyingi urinishni amalga oshirish uchun bu parvozdan olingan xulosa va ma'lumotlarini oʻrganib chiqadi.
Kompaniya asoschisi Ilon Mask SpaceX jamoasini “Starship”ning hayajonli sinov parvozi bilan tabriklab “Bir necha oy ichida keyingi sinovni boshlash uchun ko'p narsalarni o'rgandim”, deya tvit qoldirdi.






