Mask&Twitter: hammasi qanday boshlandi va nima bilan tugashi mumkin?

So'nggi oylarda Ilon Mask atrofida Twitter boshqaruvi bo'yicha qarorlari bilan bog'liq «xayp» ko'payib bormoqda va unga nima uchun to'satdan bu ijtimoiy tarmoq kerak bo'lib qolgani hamda bu qaror nimaga olib borishi ko'pchilikni qiziqtirmoqda. Bright Uzbekistan tahririyati obyektiv tahlil asosida barchasini batafsil yoritishga qaror qildi.
$44 milliardlik bitim
Bir necha oy davom etgan noaniqlik, shov-shuvli da'volar va sud jarayonlaridan so'ng, sayyoramizning eng boy odamlaridan biri Twitterni 44 milliard dollarga sotib oldi - 26 oktyabr kuni kompaniya davlat kompaniyasidan xususiy kompaniya maqomiga o`tdi, Ilon Mask esa uning yagona egasiga aylandi.
«Chief Twit» - Twitter boshlig'i
SpaceX va Tesla asoschisi o'zining Twitterida kelishuv yakunlanganini e'lon qildi.
«The bird is freed» (ing. «Qush ozod qilindi»), - deb twit qoldirdi Mask va keyinroq esa o'z sahifasiga «Chief Twit» - (ing. «Tvitter boshlig'i»), deb yozib qo`ydi.
Yangi boshliq - yangi qoidalar
Kompaniyani sotib olgandan so'ng birinchi o`rindayoq Mask kadrlar tozalovini amalga oshirdi va deyarli butun rahbariyat a’zolarini ishdan bo'shatdi. Bosh ijrochi direktor Parag Agraval, bosh moliya direktori Ned Segal va huquqiy masalalar va ichki siyosat bo'yicha direktor Vijaya Gadde kompaniyani tark etishdi.
«Buni insoniyat uchun qildim» - Mask Twitterni sotib olish sabablarini tushuntirdi
Tadbirkorning ta'kidlashicha, uning bu qarori moddiy manfaatlar bilan emas, balki insonparvarlik manfaatlari bilan bogliq: u insoniyatga ozaro dialog o'rnatishga yordam berishni xohlashini aytdi.
«Sivilizatsiya sog'lom muhitda zo'ravonlikka murojaat qilmasdan keng ko'lamli masalalar muhokama qilinishi mumkin bo`lgan «raqamli shahar maydoni»ga muhtoj», deb yozadi Mask va bu missiya muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkinligini ham tan oladi.
Mask o'tmishda ijtimoiy tarmoqda ko'proq turli fikrlarni eshitish uchun Twitterni tartibga solish bekor qilinishini va uning moderatdiyasi osonroq bo'lishini qanchalik xohlayotgani haqida bir necha bor gapirgan. (Ijtimoiy tarmoq uzoq vaqtdan beri moderatorlari tomonidan chap liberal e'tiqodlarni qo'llab-quvvatlaganlikda ayblangan, kompaniya bu da'voni har doim rad etgan.)
Ammo endi tadbirkorning aniqlik kiritishicha, platforma qonunlar hurmat qilinadigan «mehmondo’st maydon» bo‘lib qolishi va «hamma uchun hamma narsa mumkin bo‘lgan jazavali yig‘in»ga aylanmasligi kerak.
So'z erkinligi hamma uchun!
Amerikalik jurnalist Devid Leavittning ta'kidlashicha, Mask tomonidan Twitter sotib olingani e'lon qilinganidan ko'p o'tmay, radikal foydalanuvchilar tarmoqda to'satdan blokdan olib tashlangan, buni qidiruvga «xolokost» yoki irqchilik xarakteriga oid bo’lgan haqoratli so’zlarni kiritganda yaqqol ko’rish mumkin.
Maskning biznes rejasi va «Super App X»
Mask yozda Twitterga sarflaganidan ko‘ra ko‘proq pul ishlab olishni rejalashtirayotgani va uning daromadini 2028 yilga kelib 26,4 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganiga shama qilgan edi.
Maskning Twitterni sotib olish bo‘yicha eng qiziqarli qadami «X – hamma narsa uchun ilova» bo‘lib, u ijtimoiy tarmoqlar, messenjer, shaxsiy moliya, oziq-ovqatga buyurtma berish va boshqa funksiyalarni birlashtirishi kutilayotgan smartfon ilovasidir. Iyun oyida Twitter xodimlari bilan uchrashuvda Mask bu ilova Xitoyning WeChat’i kabi ishlashi kerakligini tushuntirdi. «Xitoyda odamlar amalda WeChat’da yashaydi. Agar biz buni Twitterda takrorlay olsak, biz katta muvaffaqiyatga erishamiz», degan edi Mask. Oktyabr oyi boshida Mask kompaniyani sotib olishi «X» ilovasini ishlab chiqishni tezlashtirishini yozgan edi.
Ammo ba'zi amerikalik ekspertlar Twitterning yangi egasi g'oyasini muvaffaqiyatsiz deb hisoblashmoqda.
«Mask Twitter va umuman ijtimoiy tarmoqlar duch kelayotgan muammolarni yuzaki tushunganini ko‘rsatdi. Uning ikkiyuzlamachi «so'z erkinligi maksimalizm»i ko'plab Twitter xodimlarining ijtimoiy adolat missiyasi bilan to`qnashuvga uchrashi aniq. Uning Twitterdan «universal ilova» sifatida foydalanish rejalari esa hom-hayol», - deydi amerikalik jurnalist Bred Stoun.
Ommaviy ishdan bo’shatish
Yoki Stoun o‘zining yangi rahbar bilan xodimlarning qarashlaridagi ziddiyat haqidagi teoriyasida haq bo`lib chiqdi, yoki Mask shu tarzda kompaniya xarajatlarini qisqartirishga qaror qildimi, umuman, nima sababdan bo‘lmasin, natijada Twitter xodimlarining yarmi ishdan bo‘shatildi.
Ammo bir necha soatdan so'ng, ishdan bo'shatilgan xodimlarning so'zlariga ko'ra, agar ular rozi bo'lsa, kompaniya ularni ishdan bo'shatishni bekor qilishga tayyorligi haqida xat olishgan. Kompaniya muhandislarga ham, dizaynerlarga ham ularni qaytarishga tayyor ekani haqida murojaat qilgan.
Twitter Bankrotligi: Muskdan motivatsiyami yoki haqiqiy tahdidmi?
Mask Twitter xodimlariga qilgan birinchi rasmiy murojaatida, agar kompaniya ko'proq pul olib kelmasa, bankrot bo'lishi mumkinligini ma’lum qildi.
Twitter yangi boshlig'i kompaniya xodimlariga qattiq ogohlantirishlar berdi. Xususan, ishchilar 80 soatlik ish haftasiga, ofisdagi imtiyozlarni qisqartirilishiga, bepul oziq-ovqat ta’minlash to’xtatilishiga tayyor turishlarini qayd etdi. Shu bilan birga, Ilon Mask xodimlarga masofadan turib ishlashni taqiqladi.
Ammo uning bankrotlik haqidagi bu teoriyalari haqiqat ekanligiga ko’pchilikning shubhasi bor. Bloomberg ta’kidlashicha, milliarder ilgari boshqa kompaniyalarida ham ishchilarni rag'batlantirish uchun moliyaviy halokat tahdididan foydalangan.
Pul bo’lsa, muammo yo’q: Twitter Blue, oyiga $ 20 tasdiq belgisi, pullik Twitter
Mask kompaniya uchun najotni Twitterni pulli qilish qarorida ko'rmoqda.
U mikrobloglar tarmog‘i foydalanuvchilariga bir qator premium funksiyalardan foydalanish imkonini beruvchi «Twitter Blue» pulli obuna shartlarini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda.
Xususan, kompaniya oylik obuna narxini joriy 4,99 dollardan 19,99 dollargacha oshirishni, shuningdek, reklamalarni ko‘rmasdan yangiliklar nashrlaridagi maqolalarga kirish funksiyasini olib tashlashni rejalashtirmoqda. Platformani yangilashdan oldin tasdiqlash belgisini olgan odamlar obunani 90 kun ichida sotib olishlari lozim. Aks holda, ularning sahifalaridan tasdiqlash belgisi o'chiriladi.
Shuningdek Mask ijtimoiy tarmoqdan foydalanishni barcha uchun pullik qilishni joriy etmoqchi. Ijtimoiy tarmoqda bepul foydalanish uchun oylik limit berilishi taxmin qilinmoqda, limit tugaganidan so’ng foydalanishni davom ettirish uchun pullik obuna sotib olish lozim bo'ladi.
Tramp Twitterga qaytadimi?
Mask Twitterni sotib olganidan keyingi eng muhim masala sobiq prezident Donald Trampning akkauntini blokdan chiqarish bo‘ldi.Uning ko‘plab siyosiy raqiblari Mask Twitter rahbari bo‘lganidan keyin Tramp o‘z akkauntiga osonlik bilan kirishi mumkin, bu Kongress Senati saylovlarida unga asosiy qurol bo’lib hizmat qilishidan havotirda edi.
Ammo Tramp sahifasidan hali ham Twitterdagi ban olib tashlanmadi va bu savolga aniq javob berishdan qochgan Mask o'zining Twitter sahifasida quyidagi izohni qoldirdi:
«Agar kimdir mendan Tramp bu platformaga qaytadimi, deb so'raganda har safar dollar olsam, Twitter pul zarb qilgan bo'lardi!» - deb yozgan amerikalik milliarder.
Twitter uchun «o'lim» yoki najot?
Kanadaning National Observer sharhlovchisi Maks Fossettga ko'ra: Mask butun dunyoga baland ovozda e'lon qilganidek, Twitterda noto'g'ri ma'lumotlar yoki fitna nazariyalari tarqalishiga qarshi kurashmoqchi emas.
«Mask Twitterni o'ldiradi. Twitter faoliyat yuritadigan mamlakatlar rasmiylari ijtimoiy media platformalarini yanada agressiv tartibga solishlari va ularning dezinformatsiya, qo'rquv va nafratni kuchaytiruvchisi sifatida xizmat qilishlariga yo'l qo'ymasliklari kerak. Ushbu platformalarda COVID-19 atrofidagi fitna nazariyalarining tarqalishi va aholi salomatligi va xavfsizligiga yetkazilgan zarar hukumatlar harakat qilishi kerakligidan dalolat berishi kerak», - deydi Fosset.
Mask Twitterni sotib olishining haqiqiy sababini faqat uning o'zi biladi, lekin bu qanday natijaga olib keladi, ba'zilar taxmin qilganidek, Mask uni o'limiga sabab bo'ladimi yoki ushbu ijtimoiy tarmoq tarixida yangi sahifa ochilishigami, biz hech qanday taxmin qila olmaymiz. Zero butun bir mamlakat taqdirini o’rtaga qo’yib Putinga duel taklif qilgan odamning keyingi qadamlarini bashorat qilish juda qiyin!
Xusniya ALIMOVA






