Mayk Frier rasmiy tashrif bilan Toshkentda bo’ladi

Ertaga, 7-iyun kuni Buyuk Britaniya eksport vaziri Mayk Frierning ilk marotaba Toshkentga kelishi kutilmoqda.

Tashrif dasturidan Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, AGMK va Uzbekistan Airports kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘rin olgan. Vazirga Britaniya kompaniyalari, jumladan London fond birjasi, Standard Chartered va TheCityUK kompaniyalari delegatsiyasi hamrohlik qilmoqda.

Ma’lumot uchun, so‘nggi ikki yil ichida Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi ikki baravarga oshib, 400 million funt sterlingdan oshdi.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash maqsadida savdoni rivojlantirish uchun mablag‘ ajratish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Britaniya kompaniyalari O‘zbekistonga sarmoya kiritish va savdo-sotiq qilish istagini bildirishmoqda.