McDonald's Rossiyadagi biznesini sotish va mamlakat bozorini tark etishga qaror qildi

McDonald's fast-food restoranlari tarmog'i Rossiyadagi bozorni tark etishga va mamlakatdagi o'z biznesini sotishga qaror qildi, deya xabar beradi kompaniya.

Ammo uning yanagi egasi McDonald's nomi, logotipi, savdo belgisi yoki an'anaviy menyu nomlaridan foydalana olmaydi. Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, u bitim yopilgunga qadar xodimlarga ish haqi to‘lanishini ta’minlash niyatida. Kompaniya bosh direktori Kris Kempchinskining so‘zlariga ko‘ra, tarmoqda 62 ming kishi ishlaydi.

"Rossiyada biznesning kelajagi noma’lum va McDonald's qadriyatlariga mos kelmaydi", deb tushuntirdi kompaniya.

Kompaniyaning Rossiyadagi vakolatxonasidagi Forbes manbasining aytishicha, yangi brend ostidagi muassasalar iyun oyi o'rtalaridayoq ochilishi mumkin. Unga ko'ra, rossiyalik sotuvchi kompaniyaga tegishli bo'lmagan franchayzing do'konlaridan tashqari butun biznesni sotib oladi. Bundan tashqari, Forbes suhbatdoshiga ko'ra, yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan barcha shartnomalar saqlanib qoladi.

McDonald's Rossiyada 30 yildan ortiq faoliyat yuritib keladi va mart oyi boshida Ukrainada "maxsus harbiy operatsiya" boshlanganidan keyin mamlakatdagi barcha 850 ta restoran faoliyati to'xtatilganini e'lon qildi. Moskva meri Sergey Sobyaninning aytishicha, rus biznesi poytaxtda yopilgan xorijiy restoranlar tarmog‘ini “sokinlik bilan” “olti oy, ko‘pi bilan bir yil ichida” almashtira oladi. Biroq “Teremok” restoranlar tarmog‘i asoschisi Mixail Goncharovning fikricha, McDonald’s kabi tarmoqni 2-3 yil ichida ham yaratish mumkin emas. Uning ta'kidlashicha, buning uchun o'nlab yillar davomida "yuz minglab rahbarlar, marketologlar va muhandislar" mashaqqatli mehnat va hukumatning rag'batlantiruvchi choralari kerak bo'ladi.

“Teremok va rus biznesining boshqa vakillari McDonald'sga raqobatchi sifatida yaratilmagan, chunki biz buni ular kabi qilishni bilmaymiz. Na texnologik, na menejment va marketing nuqtai nazaridan”, deydi Goncharov.