MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi - ijrochi kotibi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Mustaqil davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatish uchun O‘zbekistonga keldi. U MDH Ijroiya qo‘mitasi kuzatuvchilari missiyasiga rahbarlik qiladi.

Bugun, 21-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxodjayevning mustaqil davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi - Ijrochi kotibi Sergey Lebedev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston saylov qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar, Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Saylov kampaniyasi saylov kodeksining talablari va demokratik tamoyillarga muvofiq o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.

Ta’kidlash joizki, MDH Ijroiya qo‘mitasi xalqaro kuzatuvni tashkil etishda katta tajribaga ega, shuningdek, saylovlarni kuzatish uchun huquqiy asos yaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan MDH Ijroiya qo‘mitasidan kuzatuvchilar missiyasi 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni nazorat qiladi. O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida missiya mamlakatdagi bir qator saylov uchastkalariga tashrif buyurib, saylovga oid tegishli xulosa va tavsiyalarni taqdim etishni rejalashtirmoqda.