Mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga kompensatsiya to‘lanadi

Kompensatsiyalar imtihon, yo‘l chiptasiga hamda ishchi visani rasmiylashitirish uchun to‘lanadi.

“Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni ragʼbatlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘gʼrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab 2022-yil 1-sentyabrga qadar “labor-migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan, kasb-hunar yoki xorijiy tillarga o‘qigan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:

• xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʼliq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda (735 ming so‘m);
• yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bogʼliq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda (490 ming so‘m);
• rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha miqdorda (1 mln 225 ming so‘mgacha) kompensatsiya to‘lanadi.