Merkel karantin choralarini uzaytiradi va Pasxada cheklovlarni kuchaytiradi

Germaniya kansleri Angela Merkel va federal yerlarning ma'murlari, videokonferensaloqa orqali bo'lib o'tgan 11 soatdan ortiq davom etgan uchrashuvdan so'ng mamlakatda COVID-19 koronavirusi tarqalishi sababli kiritilgan karantinni uzaytirishga kelishib oldilar, deya xabar bermoqda Bloomberg. Germaniyada umummilliy karantin rejimi 18 aprelga qadar uzaytiriladi. Shuningdek, Pasxa bayramlarida (1 dan 5 aprelgacha) cheklovlar ham kuchaytiriladi.

«Endi biz juda-juda jiddiy vaziyatdamiz. Kasalliklar soni geometrik progressiya bo’yicha o'sib bormoqda va reanimatsiya bo'limlaridagi to'shaklar yana to'lib bormoqda», - deydi Merkel.

Karantin 18 aprelga qadar uzaytiriladi. Cheklov choralari nooziq-ovqat do'konlari, shuningdek mehmonxonalar, restoranlar, sport zallari va dam olish maskanlarining qisman yopilishini o'z ichiga oladi.

Kantsler fuqarolardan mamlakat ichkarisida ham, chet elda ham sayohat qilishni to'xtatishga chaqirdi.

Bundan tashqari, Merkel Pasxa ta'tillariga cheklovlar kuchaytirilishini e'lon qildi (1 apreldan 5 aprelgacha katoliklar bu yil Pasxani 4 aprelda nishonlaydilar). Ushbu davrda oziq-ovqat do'konlaridan tashqari barcha do'konlar yopiq bo'ladi. Bundan tashqari, ushbu kunlarda xususiy yig'ilishlar bitta xonadonda va ko'pi bilan besh kishi bilan cheklanadi va jamoat yig'ilishlari taqiqlanadi.

Bloomberg ta'kidlaganidek, Merkel 12 aprel kuni federal yerlarning rahbarlari bilan yana uchrashib, Germaniyada qariyb to'rt oy davomida amal qilgan karantin choralarini uzaytirish yoki kuchsizlantirish to'g'risida qaror qabul qilishga kelishib oldi.

Germaniyada blokirovka 2020 yil dekabr oyida joriy qilingan edi. Barcha muassasalar yopilgan, oziq-ovqat va kichik jihozlar do'konlari, dorixonalar, banklar, pochta aloqasi bo'limlari, tibbiy klinikalar va boshqa bir qator tashkilotlar o'z ishlarini davom ettirayotgan edi. Maktab o'quvchilari masofaviy ta'limga o'tkazilgan va bolalar bog'chalarini masofaviy ta'limga o'tkazish to'g'risida hududlar o'zlari qaror qabul qilgan edilar. So'nggi marta Germaniyada karantin rejimi mart oyi boshida uzaytirildi. Keyin rasmiylar uni 28 martga qadar uzaytirishga kelishib oldilar.