Metalloinvest kompaniyasi Toshkent metallurgiya zavodi aksiyadoriga aylandi

USM holding tarkibiga kiruvchi Metalloinvest kompaniyasi 2022-yilda Toshkent metallurgiya zavodi aksiyadoriga aylandi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Nazim Efendiyev Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasidagi chiqishida ma’lum qildi, deya xabar berdi “Kommersant”.
Kompaniya vakili bitim tafsilotlarni oshkor qilmagan, ammo “Metalloinvest” O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarishni boshqarishini qo‘shimcha qilgan.
Efendiyev O‘zbekistonning metallurgiya sanoatidagi ulkan salohiyatini qayd etdi. Biroq bunga logistika bilan bog‘liq qiyinchiliklar — dengiz portlari va “kuchli savdo bozorlari”dan uzoqligi to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, u Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi temir yo‘l tariflaridan shikoyat qildi. Yarim tayyor mahsulotlarni tashish har bir chegarani kesib o‘tishi bilan narx ko‘tariladi, dedi u Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturovga.
“Metalloinvest” rahbari “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbariyati bilan tariflar masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov bunga javoban hukumat muammoni o‘rganishini, temiryo‘lchilar esa bu haqda ma’lumot berishini va’da qilgan.






