Meva-sabzavotga ajratilgan 1,5 trillion soʼm kredit resurslarining 670 milliard soʼmi oʼzlashtirilgan

Yigʼilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining mavsumiy oʼzgarishi yuqoriligi koʼrsatib oʼtildi. Sababi - qishloq xoʼjaligiga ixtisoslashgan 50 ta tumanda muzlatkich, quritish, saralash va saqlash quvvatlari yetishmaydi.

Shu munosabat bilan viloyat hokimlariga Qishloq xoʼjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 50 ta tumanda saqlash quvvatlarini keskin oshirish boʼyicha alohida dastur qabul qilish topshirildi.

“Buning mablagʼlari bor. Lekin, birorta hokim oʼzida qancha mahsulot saqlash quvvati borligini ham, bor mablagʼlarni ishlatishni ham bilmaydi”, dedi Prezident.

Joriy yilda meva-sabzavotga ajratilgan 1,5 trillion soʼm kredit resurslarining 670 milliard soʼmi oʼzlashtirilgani ham qayd etildi.

Hokimlar oʼzlarining takliflarida faqat amalga oshiriladigan yangi loyihalar, ular hisobiga olinadigan mahsulot hajmini koʼrsatayotgani, bu aholining taʼminotiga qanday taʼsir qiladi, yil yakunigacha narx-navo nima boʼladi, degan savollarga javob yoʼqligi tanqid qilindi.

Viloyat hokimlariga oʼn kun muddatda import boʼlayotgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni oʼzimizda koʼpaytirish boʼyicha aniq tadbirkor va aniq loyihalarni koʼrsatib, har bir mahsulot kesimida hozir qancha va bir yil ichida qanchaga koʼpaytirishi boʼyicha aniq reja va hisob-kitoblarni taqdim etish topshirildi.