Milliy tiklanish demokratik partiyasi nomzodi Alisher Qodirov Jizzax viloyatida saylovchilar bilan uchrashdi

U uchrashuv davomida nomzod «Men raqib sifatida bitta Shavkat Mirziyoyevni ko‘raman» deya aytib o‘tdi. «Qolgan partiya nomzodlarini ishonamanki, xalqimizning o‘zi joyiga solib qo‘yadi» deb boshqa partiya nomzodlarini ham bir eslab o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, A.Qodirov Saylovoldi dasturining umumiy mazmuni quyidagicha:
Davlat rivojining ustuni – oila barqarorligini ta’minlash.
Tarbiya va ta’limning uch bosqichi – bog‘cha, maktab, oliy ta’limni tubdan isloh qilish.
Mahalliy davlat hokimiyati, jumladan, ijro hokimiyati, siyosiy institutlar tizimini yanada takomillashtirish.
A.Qodirov saylovchilar bilan uchrashuv davomida so‘zini yana shunday davom ettirgan:
«Jamiyat o‘zgarishi uchun har birimizning tafakkurimiz o‘zgarishi shart. Eshityapman, ba’zi joylarda yurtdoshlarimiz saylovga bormayman, ovoz bermayman, deganlarini. Saylovda ishtirok etmaslik mamlakat taqdiriga loqaydlikdir. Agar saylovda ishtirok etmasak, o‘z munosabatimizni bildirmasak, O‘zbekiston taraqqiyoti uchun qo‘shishimiz kerak bo‘lgan hissani qo‘shmagan bo‘lamiz!»






