Mirziyoyev Erdoʻgʻanga sovgʻa uchun minnatdorlik bildirdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni kechasi Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bilan o‘tkazgan telefon orqali muloqotda “Togg” brendi ostida ishlab chiqarilgan birinchi turk elektromobili uchun minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbari qardosh Turkiya Prezidenti va xalqini katta texnologik g‘alaba – mamlakatda zamonaviy elektromobillarni sanoat usulida ishlab chiqarish boshlangani bilan tabrikladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Turkiya keng ko‘lamli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarining bugungi darajasiga yuksak baho berildi.

O‘zbekiston va Turkiya yetakchi kompaniyalarining yuqori texnologik tarmoqlardagi sanoat kooperatsiyasi miqyosini yanada kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlar qayd etildi.

Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikki tomonlama Oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.