Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv

2021 yil 12 noyabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Amira Faxmi bilan uchrashdi.

Elchi qabul uchun minnatdorlik bildirib, joriy yil 24 oktabrdagi Prezident saylovi muvaffaqiyatli, ochiq va oshkora, ko‘p sonli xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida o‘tganini qayd etdi. Mamlakatda xorijiy davlatlar bilan hamkorlik borasida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berildi.

Arab mamlakatlari xususan, Misr Arab Respublikasi bilan ko‘ptomonlama va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.

O‘zbekiston va Misr munosabatlari yanada rivojlanib, an’anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalar ko‘lami kengayib bormoqda.

Shu o‘rinda tomonlar ikki mamlakat parlamentlaridagi Do‘stlik guruhlari faoliyatini jadallashtirish masalalariga e’tibor qaratdilar.

Uchrashuvda tomonlar gender tenglikni ta’minlash, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalarida hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi.