O‘zbekiston Prezidenti Misr ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifining birinchi kunini ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvdan boshladi.

Misr tomonidan tadbirda xalqaro hamkorlik bo‘yicha vazir Raniya al-Mashat, Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti Ibrohim Mahmud al-Arabiy, “Elsewedy Electric”, “El Araby Group”, “Orascom Construction”, “Poliserve Group”, “Al-Rowad”, “Lotus Garments Group” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan salohiyat borligi, ishbilarmonlik va tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro investitsiyalarni faollashtirish va savdoni oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston-Misr biznes forumining samarali natijalarini, uning yakunida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 20 dan ziyod bitim va shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishilganini yuksak baholadi.

Bo‘layotgan yangilanishlar, iqtisodiyotning liberallashuvi va qulay investitsiya muhiti yaratilgani Misr biznesining O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar ochayotgani alohida qayd etildi. Masalan, “Elsewedy Electric” kompaniyasi elektr energiyasi, transformatorlar va kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Misrdagi eng yirik korxona bo‘lib, shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, transformatorlar, kabel-sim mahsulotlari va qo‘shimcha qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga tayyor.

“Orascom Construction” O‘zbekistonda industrial park yaratgan holda uning hududida lok-bo‘yoq mahsulotlari va qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, shuningdek, 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurishdan manfaatdor ekanini bildirdi.