MOQ rahbariyati va Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi o’rtasida uchrashuv tashkil etildi

Turkiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisining oʻrinbosari Alijan Aksoy bilan avgust oyida Turkiyaning Konya shahrida bo'lib oʻtadigan “V Islom birdamligi oʻyinlari”ga tayyorgarlik ishlari va unda ishtirok etish yuzasidan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Faxriy mehmonni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov va qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Komilovlar kutib olishdi. Alijan Aksoyga o‘zbek sportining boy tarixi, mamlakatimiz sportchilarining so‘nggi Olimpiya o‘yinlarida erishgan natijalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Oybek Kasimov qardosh o‘zbek va turk xalqlarining sport yo‘nalishidagi hamkorligini davom ettirish, xususan, “V Islom birdamlik o‘yinlari”ga tayyorgarlik ko‘rish orqali aloqalarni yanada mustahkamlash borasida o‘z fikrlarini bildirdi. Shuningdek, Azizjon Komilov taniqli diplomatni oktabr oyida Toshkentda ilk bor dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga taklif qildi.

Alijan Aksoy samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, hamkorlik rejalarini amalga oshirishga tayyor ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi mamlakat delegatsiyasini bo‘lajak Islom birdamlik o‘yinlariga tayyorlash va boshqa masalalarda har tomonlama yordam berishga tayyoor ekanini ta’kidladi.