Muloqotimiz juda qisqa vaqt ichida nufuzli, obro‘-e’tiborli mintaqaviy platformaga aylangandi

Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining yillik yig‘ilishi doirasida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Narbayeva so'zga chiqdilar.

"Bundan roppa-rosa bir yil avval 2020 yil 23 dekabr kuni Muloqotimizning birinchi ta’sis yig‘ilishi videokonferensaloqa formatida bo‘lib o‘tgan edi.

Bunday imkoniyat yaratilishi uzoq va puxta o‘ylash, sa’y-harakat va maslahatlar natijasidir. Men bu masalani birinchi marta 2018 yilda German xonim bilan muhokama qilgan edim. Oradan ikki yil o‘tibgina biz Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi ayollarini to‘plashga va norasmiy mintaqaviy birlashmamizni ta’sis etish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilishga muvaffaq bo‘ldik.

Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollari hamjihatligi va jipsligining tashabbuskori sifatida men Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmanistondagi hamkasblarimga bizning hali yosh mintaqaviy platformamiz faoliyatining birinchi yilida unga raislik qilishdek mas’uliyatli missiyani menga ishonib topshirganliklari uchun juda minnatdorman.

O‘ylaymanki, Muloqotimiz juda qisqa vaqt ichida nufuzli, obro‘-e’tiborli mintaqaviy platformaga aylanganini bugun biz ishonch bilan ayta olamiz. Mintaqamiz davlatlari rahbarlari, xalqaro hamkorlarning har tomonlama ko‘magi va yordami biz uchun beqiyos bo‘ldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyeevning g‘amxo‘rligi, ayellar manfaat va huquqlarining himoyasida qo‘llab-quvvatlashi va Markaziy Osiye davlat rahbarlarining ko‘magisiz xotin-qizlar harakatini bu qadar faol rivojlantirishning imkoni bo‘lmas edi." - Tanzila Narbayeva