Mustaqil hamshiralik bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi

Hukumat qarori bilan O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida “hamshiralik ishi” faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida “hamshiralik ishi” faoliyati bilan shug‘ullanishga o‘rta tibbiy (hamshiralik ishi, davolash ishi, akusherlik ishi) yoki oliy hamshiralik ishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida ishlamaydigan shaxslarga (hamshira) ruxsat beriladi.
Buning uchun hamshira maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud davlat soliq xizmati organiga kelgan holda ro‘yxatdan o‘tadi.
Hamshiraga ma’lumotnoma rasmiylashtirilib, shu asosda Sog‘liqni saqlash vazirligining axborot dasturida ro‘yxatdan o‘tadi hamda mustaqil hamshira sifatida faoliyatini boshlaydi.
Bunda malaka to‘g‘risidagi sertifikat bo‘lishi talab etiladi, mustaqil hamshira ta’lim tashkilotini tugatganiga 3 yil bo‘lmagan taqdirda ushbu sertifikat talab etilmaydi.
Guvohnoma cheklanmagan muddatga berilib, uni rasmiylashtirishda haq undirilmaydi.
Mustaqil hamshira faoliyatni amalga oshirishdagi harakatlari (harakatsizligi) uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.






