Muzaffar Kamilov Prezidentning maslahatchisi etib tayinlandi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Kamilov Muzaffar Murodovich Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.
Xabarga ko‘ra, u O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori bo‘lib qoladi.
Muzaffar Kamilov 2018-yil 18-apreldan buyon Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.
Ilgari u Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida boshqarma boshlig‘i, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetlarida prorektor lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Prezident maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan Shoazim Shoislamovich Minovarov O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari sifatida faoliyatini davom ettiradi.






