Myanma o’z fuqarolariga pasport berishni butunlay to'xtatdi

“The Irrawaddy nashri” xabariga ko’ra, Myanma harbiy hukumati o'tgan hafta fuqarolarga pasport berishni va uning muddatini uzaytirishni, shuningdek, yangi pasport uchun arizalarni qabul qilishni butunlay to‘xtatdi. Pasport berishning to‘xtatilishiga nima sabab bo‘lgani haqida batafsil ma’lumotlar mavjud emas.
Jamoatchilik tashkilotlari faollarining ta’kidlashicha, bundan maqsad xalq mudofaasi kuchlariga xorijda ishlayotgan myanmalik fuqarolardan pul mablag‘lari kelishini qisqartirish bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, qarshilik kuchlari harakatiga eng ko‘p pulni Malayziyada ishlayotgan myanmalik migrantlar jo‘natmoqda.
Kuzatuvchilarning so’zlariga ko’ra, harbiylar muxolifat kayfiyatida bo‘lgan myanmalik fuqarolarning ishchi-migrant ko‘rinishida mamlakatdan chiqib ketishiga ham to‘sqinlik qilmoqda.
Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning hisob-kitobiga ko’ra, ichki mojarolar davom etayotani sababli iqtisodiy qiyinchiliklardan qochib har oyda kamida 40 ming kishi mamlakatni tark etmoqda. Ular asosan Tailand, Malayziya, Janubiy Koreya va Yaponiyaga jo’nab ketmoqda.






